Abdulbosit Alijonov

Backend dasturchi

Hero Image

Najot Ta'limni bitirdim

23 Iyul, 2025 41

Najot Ta'lim sertifikati

2024-yilning yoz oylaridan boshlab otam menga haqiqiy dasturchi bo‘lishim uchun juda katta yordam bera boshladi.

Kursga kirish sabablari
Men dasturlashni kursga kelishimdan oldin ham boshlagandim. Deyarli to‘rt yil davomida PHP dasturlash tili bilan shug‘ullandim. Shu vaqt ichida Telegram botlar orqali topgan daromadimning bir qismini ota-onamga berib, ularning duolari va yaxshi tilaklariga sazovor bo‘lardim. Bir kuni otam:
— Seni dasturlash kurslariga beramiz, — dedilar.
Men bunga rozi bo‘ldim va ich-ichimdan juda quvondim. Avvaliga Toshkentdan o‘quv markazlari qidira boshladim. Najot Ta'lim o'quv markazi haqida avvaldan bilardim shuning uchun tezda shu markazni tanladim. Ammo Toshkent filialida o‘qish uchun sherik topa olmaganim sababli, Farg‘ona filialini tanladim. Shu tariqa Najot Ta’limga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tdim va yo‘nalish tanlashga kirishdim.

Avvaliga Frontend (React)ni tanlamoqchi bo‘ldim, keyin Backend Node.js haqida o‘yladim. Lekin u yo‘nalishning saytiga kirib, o‘zimni unda tasavvur qila olmadim va oxir-oqibat Backend Python (Django) yo‘nalishini tanladim. 2024-yil 11-iyul kuni bizning FN27 guruhi ochildi.

Bu qarorimdan hech qachon afsuslanmayman. Chunki oldinroq Pythonni biroz bilardim va kurs davomida dasturchilik bo‘yicha avvalgi tajribam juda qo‘l keldi. O‘zimga bo‘lgan ishonchim, qiziquvchanligim va mehnatkashligim tufayli kurs davomida yaxshi natijalarga erishdim.

Yutuqlarim va taassurotlarim
Eng katta yutug‘im — reyting bo‘ldi. Najot Ta’limning barcha filiallari orasida 10-o‘rin, Farg‘ona filialida esa 1-o‘rin, guruhimiz ichida ham 1-o‘rinni egalladim. Guruhimizda raqobat kuchli edi — har birimiz yuqoriga chiqishga harakat qilardik. Kurs oxirigacha bu o‘rinni hech kimga bermadim.

O‘qish davomida juda ko‘p taassurotlar yig‘dim, ko‘plab do‘stlar va yaxshi jamoa orttirdim. Lekin vaqt juda tez o‘tdi. Ko‘zni ochib yumgunimizcha, kurs yakuniga yetdi. Bu lahzalar bir tarafdan quvonchli, boshqa tarafdan esa qayg‘uli edi.

2025-yil 27-fevral kuni kursni muvaffaqiyatli tamomladim. O‘qituvchimizning mehnatlari bo‘lmaganida bu darajaga chiqishim qiyin bo‘lardi. Kurs davomida jami 5 ta imtihon topshirdik:

  • 1- va 2-oydagi imtihonlardan 98 ball bilan o‘tdim. (1-oydagi xatoyim — kodimda bitta funksiya DRY tamoyiliga zid yozilgan edi. Buni unutish qiyin.)

  • 3-, 4- va 5-imtihonlardan esa 100 ball oldim. (1 - va 2 - oydagi xatoliklarni boshqa qaytarmadim)

Bir tomondan, xatolar qilishning ham foydasi bor. Chunki har bir xato bizga tajriba beradi va keyingi safar yaxshiroq ishlashga undaydi. Shuning uchun xatolardan qo‘rqmaslik kerak. Birinchi kuni xato qilishingiz mumkin, ikkinchi kuni ham xato qilishingiz mumkin, lekin uchinchi kuni albatta o‘sha xatolardan saboq olib, to‘g‘ri ishlay boshlaysiz.

Bitiruv marosimi
2025-yil 5-aprel — uzoq kutilgan bitiruv marosimi kuni. Bu kunda bitiruv sertifikatlarini qo‘lga oldik. Najot Ta’lim asoschisi Temurbek Adhamovning bitiruvchilarga atalgan xatlarini oldim. Bundan tashqari, har bir guruhdan faqat 1 yoki 2 kishiga beriladigan ota-onalar uchun mo‘ljallangan tashakkurnomani ham qo‘lga kiritdim.

— Xotiralar
8 oylik bu sayohat davomida butun umrga yetadigan xotiralarni to‘pladim. Hozir ham o‘sha kunlarni sog‘inaman va vaqt ortga qaytsa, yana o‘sha darslarga, o‘sha muhitga qaytishni juda istardim. Afsuski, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi…