
Dasturchilar va Sun’iy Intellekt: Foyda va Xavflar
04 Avgust, 2025 199
Dasturchilar uchun sun’iy intellektdan foydalanishning ijobiy va salbiy oqibatlari
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari, xususan ChatGPT kabi til modellari dasturlash sohasida keng qo‘llanila boshladi. Bu kabi vositalar dasturchilarga kod yozish, xatoliklarni tuzatish, hujjatlar yaratish va bilimlarni o‘rganishda yordam bermoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellektdan foydalanish nafaqat foyda, balki ayrim salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Ushbu maqolada dasturchilar tomonidan sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishning ijobiy va salbiy jihatlari, qanday qilib sun'iy intellektlardan yordam so'rashni kamaytirganligim haqida so‘z yuritiladi.
Ijobiy jihatlar
1. Ish samaradorligini oshiradi
Sun’iy intellekt vositalari dasturchilarga kod yozish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishga yordam beradi. Takrorlanuvchi kodlarni avtomatik yozib berish, andozalarga asoslangan bloklarni yaratish va kerakli funksiyalarni tezda taklif etish orqali ish unumdorligini oshiradi.
2. Yangi bilimlarni o‘rganishda yordam beradi
ChatGPT kabi modellardan o‘quv vositasi sifatida foydalanish mumkin. Yangi dasturlash tillari, kutubxonalar yoki algoritmlar haqida tushuncha olish, savollar berish va real misollar orqali o‘rganish jarayoni osonlashadi. Bu ayniqsa yangi boshlovchilar uchun juda foydalidir.
3. Xatolarni aniqlash va tuzatishga ko‘maklashadi
Dasturchilar ko‘pincha kodda yuzaga kelgan xatoliklarni aniqlash va ularni tuzatishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Sun’iy intellekt bu xatoliklarning sabablarini tushuntirishi, tuzatish yo‘llarini taklif qilishi va muqobil kod namunalarini keltirishi mumkin.
4. Hujjatlar va testlar yaratishni avtomatlashtiradi
Kod yozishdan tashqari, dasturchilar test yozish va hujjatlashtirish bilan ham shug‘ullanishadi. Bu esa ko‘p vaqt talab qiladi. Sun’iy intellekt bu jarayonlarni qisqartirib, dasturchining asosiy vazifalarga e’tibor qaratishiga imkon yaratadi.
5. Hamkorlik va jamoaviy ishni yengillashtiradi
Kod sharhlari, texnik izohlar, Git commit matnlari va boshqa yozma muloqot turlarida sun’iy intellekt yordamidan foydalanish jamoa ichidagi aloqa va hamkorlikni samaraliroq qiladi.
Salbiy jihatlar
1. Haddan tashqari ishonch
Sun’iy intellekt tomonidan taqdim etilgan kodlar har doim to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Agar dasturchi ularga tanqidiy yondashmasdan, tekshirmasdan ishlatadigan bo‘lsa, bu kod xatoliklariga, hatto xavfsizlik muammolariga olib kelishi mumkin.
2. Mustaqil fikrlash va muammo hal qilish ko‘nikmalari zaiflashishi
Agar dasturchi har bir savol yoki vazifa uchun sun’iy intellektga murojaat qilsa, u o‘zining mustaqil fikrlash, yechim topish va tajriba orttirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu esa uning kasbiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
3. Noto‘g‘ri yoki eskirgan ma’lumotlar
Ba’zan ChatGPT singari modellar eskirgan texnologiyalar yoki noto‘g‘ri uslublarni taklif qilishi mumkin. Bunga sabab, modellar mashg‘ulot ma’lumotlarida mavjud bo‘lgan cheklovlardir. Shuning uchun dasturchi har doim dolzarb va ishonchli manbalarni ham tekshirishi lozim.
4. Etik va huquqiy masalalar
Sun’iy intellekt tomonidan yozilgan kodlarning huquqiy maqomi hali ham muhokama ostida. Ayrim hollarda mualliflik huquqi buzilishi, maxfiy ma’lumotlar oshkor bo‘lishi yoki yasal etik¹ me’yorlarga zid holatlar yuzaga kelishi mumkin.
"Yasal etik" — huquqiy va axloqiy me'yorlarga muvofiq keladigan xatti-harakatlar deganidir.
5. Asosiy bilim va tajribaning chetlab o‘tilishi
Dasturchilar sun’iy intellektdan tez-tez foydalanar ekanlar, ular ba’zi asosiy bilimlar — algoritmlar, ma’lumotlar tuzilmalari yoki arxitektura masalalarini chuqur o‘rganmasdan ish yuritishga o‘rganib qolishlari mumkin. Bu esa ularning kasbiy sifatiga salbiy ta’sir qiladi.
Ichki kurash va o‘zgarish qarori
Ko‘p dasturchilar sun’iy intellektdan yordam olayotganini e’tirof etadi, lekin kamdan-kami bu vositalarga ortiqcha bog‘lanib qolganini ochiq tan oladi. Men esa aynan shu bosqichdan o‘tayapman. Uzoq vaqt mobaynida texnik muammo chiqqanida birinchi qilgan harakatim – ChatGPT’ga yozish bo‘lib qolgan. Bu o‘zim sezmagan holda odatga aylangan.
Haqiqat shuki, bu vositalar haddan tashqari qulay. Muammoni o‘zim hal qilish o‘rniga, bir necha so‘z yozaman, natijasida kod tayyor holatda chiqadi. Natijada esa, documentatsiyani o‘qish, muammoni chuqur tahlil qilish, yoki Google orqali mustaqil izlanish qilish kabi dasturchiga xos eng muhim odatlar asta-sekin so‘nib borayotganini sezdim.
Shunda o‘zimga shunday savollar bera boshladim:
Nega o‘zim harakat qilishdan qochyapman?
Nega documentatsiyani ochishdan erinayapman?
Nega muammo yuzaga chiqishi bilan birinchi fikrim: “ChatGPT’ga yozaman”?
Bu savollarga javob oddiy bo‘lishi mumkin – vaqtni tejayman, tezroq ishni bitkazaman. Lekin bu tezlik mustahkam bilimlar evaziga kelayotgan bo‘lsa, u qanday foyda?
Shu o‘ylar meni o‘z ustimda ishlashga undadi. Fikrlash va muammo yechish ko‘nikmalarimni tiklash uchun o‘zimga cheklov tizimi tuzdim. Sun’iy intellektdan foydalanishni to‘xtatmadim, lekin uni oxirgi chora sifatida ishlatishni belgiladim. Har bir muammo yuzaga chiqsa, avval 30 daqiqa o‘zim urinib ko‘raman, keyin zarurat bo‘lsa yordam so‘rayman.
Birinchi natijalarni allaqachon ko‘ryapman. Kichik xatoliklarni o‘zim tahlil qilayotganimda, nafaqat kodni tushunyapman, balki o‘zimga bo‘lgan ishonch qayta tiklanmoqda.
Bu o‘zgarish oddiy ko‘rinadi, ammo ruhiy jihatdan juda muhim. Endi har safar muammo chiqqanda, men bu savolni beraman:
"Agar bugun ChatGPT yo‘q bo‘lsa, nima qilardim?"
Javobi oddiy: o‘zim harakat qilardim. Va endi men aynan shuni qilmoqdaman.
Xulosa
ChatGPT va unga o‘xshash sun’iy intellekt vositalari dasturchilar uchun kuchli yordamchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular orqali dasturlash samaradorligini oshirish, xatolarni kamaytirish va bilimlarni chuqurlashtirish mumkin. Biroq, bu vositalardan foydalanishda muvozanatni saqlash, mustaqil fikrlashni saqlab qolish va tanqidiy yondashuvni unutmaslik muhimdir. Texnologiyalar yordamchi vosita bo‘lishi kerak, ammo ular hech qachon inson aql-zakovati va tajribasining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.