Abdulbosit Alijonov

Backend dasturchi

Hero Image

Dasturchi — kod yozuvchi emas

21 Avgust, 2025 13

Ko‘pchilik dasturchini faqat kod teradigan odam sifatida tasavvur qiladi. Qora fonli ekran, rang-barang buyruqlar — xolos. Lekin aslida dasturchilik bundan ham kengroq: kod yozish — vosita, dasturchi esa muammo yechuvchi inson.

Men dasturlashni o‘rganishni boshlaganimda, eng muhim narsa til va sintaksis deb o‘ylardim. Lekin vaqt o‘tib tushundimki, texnologiya tez eskiradi, ammo muammoni hal qilish qobiliyati doimiy qoladi. Mijoz uchun qaysi tilni ishlatganingiz emas, balki uning muammosiga foydali yechim bera olganingiz muhim.

Bir loyihada men oddiy kod yozib vazifani tugatdim. Hammasi ishlardi, lekin foydali emasdi. Chunki mijozning asl ehtiyoji boshqacha edi. Kodni emas, muammoni o‘ylash kerakligini o‘shanda angladim.

Shuning uchun yaxshi dasturchini kod yozish tezligi emas, fikrlash tarzi ajratib turadi. Kod vaqtincha, fikr esa doimiy.

Dasturchi — kod yozuvchi emas, balki yechim topuvchi inson. Kod — ko‘prik, maqsad esa odamlar hayotiga foyda olib kirish.